Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev hukmron «Nur Otan» partiyasining XVIII qurultoyida so‘zlagan nutqining to‘liq matni e’lon qilindi. Bu haqda Tengrinews xabar qilmoqda.
Qurultoyda Nazarboyev yangi zamon yangicha chaqiriqlarga chorlayotgani, atrofdagi dunyo esa tobora permanent turbulentlikka sho‘ng‘ib borayotganini qayd etgan.
«Bu kelajak oldida umidsizlik va qo‘rquvga tushish uchun sabab bo‘la olmaydi aslo. Har qanday krizislar keskin o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi, lekin shu vaqtning o‘zida o‘sish uchun muhit yaratadi va yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Muhimi — rivojlanishning to‘g‘ri yo‘nalishini belgilab olib, oldinga qo‘yilgan maqsadlar yo‘lida butun jamoatchilikni birlashtira olish», — dedi Nursulton Nazarboyev.
«Biz rivojlanish uchun mablag‘larni tejamasdan, yordamga muhtoj qatlamga ko‘mak berishimiz kerak. Hukumat bu maqsadlarga ajratilayotgan mablag‘larni to‘g‘ri tasarruf etishi kerak. Ijtimoiy siyosat muvozanatlashtirilgan bo‘lishi va boqimandalik kayfiyati hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak», — dedi Nazarboyev
Qozog‘iston prezidenti davlatning bosh maqsadi odamlarga ish berishi ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Davlat yordami esa alohida ko‘makka muhtoj shaxslarga berilishi va manzilli bo‘lishi kerak.
«Men o‘zim shaxsan ajratilayotgan barcha mablag‘lar har bir oilaga, muayyan insonga yetib borishini nazorat qilaman! Mening topshirig‘imga ko‘ra partiya bugun xalqimizni ayniqsa tashvishga solayotgan muammolarning tahlilini o‘tkazdi. Ularning orasida bolalar uchun nafaqa puli miqdorini oshirish, ko‘p farzandli oilalarning sharoitini yaxshilash, uy-joy bilan ta’minlash, ijtimoiy infratuzilmani modernizatsiya qilish», — dedi Nazarboyev.
Ko‘p farzandli oilalarga maoshni oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlash
Nazarboyevning fikricha, partiya uch yo‘nalish bo‘yicha ijtimoiy siyosat olib boradi. Bu aholining kam ta’minlangan qatlamlari daromadlarini oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlash, daromadi past bo‘lgan fuqarolarning uy-joy masalalarini hal qilish hamda ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarini yaxshilash, hududlarni kompleks rivojlantirish.
«Bugun Qozog‘iston oilalarining turmush sharoitini yaxshilashimiz kerak. Bu sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy himoya, madaniyat, sport, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda mehnat qilayotgan 1 milliondan ortiq fuqarolar degani. 2019 yilning 1 iyulidan budjet sohasining kam maosh to‘lanuvchi xodimlarining oylik ish haqini 30 foizga, rayon va oblast darajasida bevosita fuqarolar bilan ishlayotgan quyi tabaqadagi xodimlarning maoshini esa o‘rtacha 25 foizga oshirishni buyuraman.
Ko‘pfarzandli oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun choralarni ko‘paytirish kerak. Bugun mamlakatda 340 mingdan ziyod oila 4 va undan ziyod farzandga ega. Manzilli ijtimoiy yordam olish huquqiga ega bo‘lgan oilalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash uchun, ko‘p farzandli oilalarda har bir bola uchun 20789 tanga (55 AQSh dollari) miqdorida minimal to‘lov belgilanadi. Manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish natijasida 2019 yilda 830 ming kishi, jumladan 550 ming bola qamrab olinadi», — dedi Nazarboyev
U shuningdek nogiron farzand tarbiyalayotgan ota-onalar, vasiylar va oilalarga nafaqani 30 foizga oshirish topshirig‘ini berdi. Bu 100 ming kishini qamrab oladi. Bu choralar uchun 300 mlrd tanga ajratiladi.
Ta’lim va tibbiyot
«Har bir hududda kamida bitta nufuzli oliygoh va o‘nta zamonaviy kollej faoliyat ko‘rsatishi kerak. O‘quv muassasalari samaradorligining bosh mezoni bitiruvchilarning ishga joylashishi bo‘lmog‘i lozim. Mamlakatimizning har bir fuqarosi bilimli va shu bilan birga sog‘lom bo‘lishi kerak. Yashash joyidan qat’i nazar, sifatli tibbiy xizmatga yo‘l ochishimiz shart», — dedi Nazarboyev.
Qozog‘iston prezidenti sog‘liqni saqlash sohasiga qo‘shimcha 120 milliard tanga ajratilishini buyurdi.
«Nega bizda hanuzgacha hududlar rivojlanganligi masalasida «uzilishlar» ko‘zga tashlanmoqda. Nega ayrim oblastlarda yo‘llar yaxshi, boshqalarida yomon? Nega ayrim joylarda uy-joy kommunal xo‘jaligi barqaror ishlaydi, boshqa bir joyda uzilishlar bor? Demak, chindan ham ishlayotgan, insonlarning muammosini biladigan va yechadigan hokimlar bor. Hokimlar xalqqa yaqin bo‘lishi, uning farovonligi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishi kerak. Bizda turli dasturlar bor, yetarli mablag‘lar ajratilmoqda, lekin insonlar aniq bir natijaga ega bo‘lmayapti. Ish bu tarzda ketishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», — dedi Nazarboyev.
Mamlakatning yangi xaritasi
Qozog‘iston prezident mamlakat yo‘llarini yaxshilash uchun qo‘shimcha yana 350 milliard tanga ajratilishini aytib o‘tdi. Mazkur chora 2025 yilga borib oblast va rayon ahamiyatidagi 95 foiz avtoyo‘llarning yaxshilanishiga olib keladi.
«Yirik shaharlar — Ostona, Olmaota va Chimkent atrofi muammosini hal qilish uchun 2019-2021 yillarda yana 90 milliard tanga ajratiladi. Suv ta’minoti va suvni oqizib ketish uchun 140 milliard tanga ajratiladi va bu sohada 2,2 million kishining muammosi hal bo‘ladi.
«Gazlashtirish va elektr ta’minoti uchun yana 190 milliard tanga ajratilishiga topshiriq beraman. Bu chora 1,1 million kishining gaz ta’minotini yaxshilaydi, hududlarda elektr ta’minoti ishonchliligini oshiradi», — dedi Nazarboyev.
Qurultoydan boshqa iqtiboslar:
- «Bizda shuningdek qishloqlarda yashovchi 7,5 million kishining turmush sharoitini yaxshilash uchun imkoniyatlar bor»
- «Biz qishloqlarni o‘sish va barqaror rivojlanish nuqtasiga aylantirishimiz kerak. Qishloqlarda xalq iste’moli mollari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa bizneslar bo‘yicha XXR tajribasini o‘zlashtirish kerak».
- «Yangi vazirlar mahkamasi va hokimlar men tomonimdan yangragan topshiriqlarni zudlik bilan amalga oshirishga kirishishi kerak. Hukumatning har bir a’zosi va hokimlar shaxsan mas’ul bo‘lib, ishning natijasiga shaxsan javob beradi».
- «Partiya aholining barcha qatlamlari manfaatlarini aks ettirishi hamda fuqarolar va davlat o‘rtasidagi asosiy bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida faoliyat ko‘rsatishi kerak».
- «Iqtisodiy rivojlanish aholining turmush sharoitini oshirishga yo‘nalgan bo‘lishi kerak».
- «Korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha maqsad sari yo‘nalgan ishlarni davom ettirish kerak. Bu holat diqqat markazida yoshlar bo‘lishi kerak».
- «Biz aholi bilan ro‘y-rost va ochiq muloqot qilishimiz, ularning turmush sharoiti va hayoti sifatini oshirish uchun barcha ishlarni amalga oshirishimiz lozim».