Gulistonda Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etiladi

0
473

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Sirdaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Belgilab qo‘yilishicha:

2019-2020 o‘quv yilida maktab-internatning 5-6-7-8-sinflariga,
2020-2021 o‘quv yilidan boshlab esa 5-sinfiga 30 nafardan o‘quvchi qabul qilinadi;

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga maktab-internatning moddiy-texnika bazasidan, pedagog kadrlarning salohiyati hamda ehtiyojdan kelib chiqqan holda keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Bekenov), Moliya vazirligi (Haydarov), Qurilish vazirligi (To‘xtayev), Xalq ta’limi vazirligi (Shermatov) hamda Sirdaryo viloyati hokimligi (Mirzayev) bilan birgalikda loyiha-smeta hujjatlari asosida 2019 yil Investitsiya dasturiga qo‘shimcha ravishda 150 o‘rinli maktab-internat binosi  va 100 o‘rinli yotoqxona qurish hamda jihozlash uchun zarur mablag‘larni ajratilishini  nazarda tutadi.

Maktab-internatning bino va inshootlarini qurish bo‘yicha:

Sirdaryo viloyati hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi – buyurtmachi etib belgilanadi;

bosh loyiha va bosh pudratchi tashkiloti belgilangan tartibda tender (tanlov) savdolari natijasida aniqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi qurilayotgan obektning loyiha-smeta hujjatlari va olib borilayotgan qurilish-montaj ishlarini sifati yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda maktab-internatga oliy ta’lim muassasalarining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetlarini tamomlagan iqtidorli pedagog-kadrlarni  jalb etilishini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Sirdaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda:

2019-2020 o‘quv yilidan boshlab ushbu maktab-internatning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida yotoqxona, oshxona, kutubxona, faollar zali va o‘quv-laboratoriya jihozlari hamda kompyuter texnikasi, o‘quv-metodik majmualar, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash choralarini ko‘radi;

maktab-internatning ustavi tasdiqlanishini va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab maktab-internatga iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish maqsadida ona tili va adabiyot hamda chet tili fanlaridan ijodiy tanlov, test sinovi va psixologik-pedagogik diagnostika o‘tkazadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida “Ta’lim” sohasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida maktab-internatining ta’minoti uchun zarar mablag‘larni nazarda tutadi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosarlari J.Qo‘chqorov, A.Abduhakimov, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatov va Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev zimmasiga yuklatiladi.

More News