Dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlik paydo bo‘lmoqda

0
770

28 fevral kuni o‘z ishini boshlagan Senat XVIII yalpi majlisida 3ta qonun hujjatiga ya’ni amaldagi Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Qonun bilan mamlakat havo hududidan zamonaviy asbob-uskunalar yordamida noqonuniy foydalanish uchun jinoiy javobgarlikka tortish ko‘zda tutilgan. Ya’ni, yangi normaga ko‘ra, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish jinoiy javobgarlikka asos bo‘ladi», – deydi ma’ruzachi senator Islomiddin Abrorov.

Uning ta’kidlashicha, bunday tartibni belgilash zarurati, eng avvalo, jamiyatda hayot va sog‘liqqa hamda davlat tuzumiga qarshi huquqqa xilof harakatlarni sodir etish tahdidlarining mavjudligi bilan bog‘liqdir.

5 moddadan iborat qonunga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga yangi kiritilgan moddalarda nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etish, ya’ni 244-4 modda – Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, shuningdek 248-1-modda – Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni saqlash va ulardan foydalanish tartibini buzish holatlari yuzasidan surishtiruv va dastlabki tergov o‘tkazish qismi ichki ishlar organlariga, shuningdek Jinoyat kodeksi 244-4-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish qismi bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun uning surishtiruvi O‘zbekiston Respublikasining Davlat bojxona qo‘mitasi va uning joylardagi hududiy bo‘linmalariga yuklatilgan.

«Ushbu normaning hayotga tatbiq qilinishi samarali tergov qilish va sifatli surishtiruv tadbirlarini amalga oshirishga xizmat qiladi», – deb qo‘shimcha qilgan senator.

More News