Xitoylik ishbilarmonlar Navoiyga 300 mln dollar investitsiya kiritadi

0
507

Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov boshchiligidagi viloyat rasmiy delegatsiyasi 20-22 fevral kunlari Xitoy Xalq Respublikasi viloyatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish doirasida Xitoyga tashrifini amalga oshirdi.

Foto: Navoiy viloyati hokimligi Axborot xizmati

Viloyati hokimligi Axborot xizmatidan xabar berilishicha, dastlab, O‘zbekistonning Pekindagi Elchixonasi hamda Shanxaydagi Bosh Konsulxonasi ko‘magida 20 fevral kuni Xanchjou shahrida Navoiy viloyati hamda Chjenszyan provinsiyasi o‘rtasidagi Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Navoiy viloyati hokimligi Axborot xizmati

 

Foto: Navoiy viloyati hokimligi Axborot xizmati

100 ga yaqin xitoylik ishbilarmon doiralari qatnashgan mazkur forumda Navoiy viloyatining investitsiyaviy va turizm salohiyatini namoyon etuvchi taqdimot va investitsion takliflar namoyish etildi. Biznes forum doirasida Navoiy viloyati ishbilarmon doiralari va Xitoy kompaniyalari vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar natijalariga ko‘ra, ikki mamlakat xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar o‘rtasida O‘zbekistonda eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun yuqori texnologik uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Foto: Navoiy viloyati hokimligi Axborot xizmati
Foto: Navoiy viloyati hokimligi Axborot xizmati

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari tomonidan qurilish, tog‘-kon, kimyo, qishloq xo‘jaligi sohalarida yetakchi hududiy korxonalarning faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Chjetszyan, Futszyan, Shandun va Tszyansu provinsiyalariga safar uyushtirildi.

Syamen shahar meri o‘rinbosari Xan Tszin I bilan uchrashuv tashkil etilib, Xitoyning 50 dan ortiq ishbilarmon doiralari vakillari bilan alohida muzokaralar o‘tkazildi.

Xan Tszin I hozirgi bosqichda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro manfaatli hamkorlikning sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilganini ta’kidladi.

Xitoy tomoni Navoiy viloyatining hududlariga,jumladan qurilish, tog‘-kon, kimyo sanoati sohalariga Xitoy investitsiyalarini jalb qilishni faollashtirish, Xitoy bozoriga sifatli mahsulotlarni kiritish bo‘yicha O‘zbekiston tomonining takliflarini qo‘llab-quvvatladi.

Delegatsiya a’zolari Xanchjou shahrida qurilish asbob-uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha Xitoyda birinchi va dunyoda uchinchi o‘rinda bo‘lgan “Hangzhou Great Star Industrial Co., Ltd.” kompaniyasiga, shuningdek, Navoiy viloyatining mineral resurslarga boyligidan kelib chiqqan holda ko‘plab tosh sanoatiga ixtisoslashgan korxonalar mavjud bo‘lgan Futszyan provinsiyasining Nan’an shahriga tashrif buyurishdi.

Foto: Navoiy viloyati hokimligi Axborot xizmati

Delegatsiya Nan’an shahar hokimligi hamrohligida “Tiancheng stone processing co., ltd”, Yingliang stone So., ltd, Huahui Co., Ltd. kompaniyalari faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, Xitoy tosh qurilish Assotsiatsiyasi raisi janob Van Tsin’an bilan muzokara o‘tkazildi. Xitoy tomoni marmar va granitni qayta ishlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi. Joriy yilning mart oyida mazkur masala bo‘yicha Xitoy delegatsiyasining Navoiy viloyatiga tashrif buyurishi rejalashtirildi.

Bundan tashqari, tosh sanoatiga ixtisoslashgan “Xiamen Eastern Pegasus Co., Ltd.” kompaniyasi bosh direktori janob Li Chjunchen bilan tashkil etilgan uchrashuv doirasidagi muzokaralarda mazkur kompaniya bilan Navoiy viloyatida Xitoy investorlarini jalb qilgan holda toshni qayta ishlash maxsus zonasini tashkil etish taklifini o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, qurilish-sanitar jihozlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Jomoo Group” kompaniyasi faoliyati bilan tanishish jarayonida Xitoyga kaolin yetkazib berish hamda Navoiy viloyatida sanitar jihozlar ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganib chiqishga kelishildi.

Navoiy viloyatining tadbirkorlik sub’yektlarining ham Shandun va Tszyansu provinsiyalaridagi yirik korxonalar bilan investitsion hamkorlik bo‘yicha uchrashuvlari tashkil etildi.

Tashrif doirasida xitoylik investorlar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida qator hujjatlar imzolandi. Jumladan, umumiy qiymati 287,0 mln. dollarlik sement, lift ishlab chiqarishni tashkil etish, metallkonstruksiya, sendvich panel, bo‘yoq ishlab chiqarish, marmar va granit toshlarini qayta ishlash, kaholong va biryuzadan qimmatbaho toshlar ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.

E’tirof etish joizki, ushbu kelishuvlar xalqimiz farovonligini yuksaltirishga, mamlakatimizni yanada ravnaq toptirishga xizmat qiladi.

«Navoiy viloyatida bugungi kunda Xitoy Xalq Respublikasinining sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan 20 ta qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda. Xususan, “Navoiyazot” AJ negizida loyiha qiymati qariyb 500 mln. dollar bo‘lgan polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish kompleksining qurilishida ham Kemk (CAMEC) va Eych-kyu-si (HQC) Xitoy kompaniyalari yuqori malakali mutaxassislar tomonidan ulkan bunyodkorlik ishlarining olib borilayotgani fikrimizning yorqin isbotidir», – deydi viloyat Investitsiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Elbek G‘afforov.

Eng muhimi, hamkorlikdagi loyihalar ikki davlat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini ham yanada mustahkamlaydi.

More News